Maktab haqida

Maktab (Mirzo Ulug‘bek nomidagi astronomiya, fizika, matematika va informatika fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentabrdagi “Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatini va «astronomiya va aeronavtika» bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3275-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi 935-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Shuningdek, maktab-internat 200 o‘quvchi o‘rni va 150 o‘rinli turar joyiga ega bo‘lgan zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Toshkent shahri o’rtacha hisobda dengiz sathidan 400-420 metr balandlikda joylashgan bo’lib, maktab-internati esa, Toshkent shahrining eng yuqori nuqtalaridan birida barpo etilgan hamda dengiz sathidan 480 metr balandlikda joylashgan. Bu esa o’z navbatida osmon jismlarini va ularning harakatini kuzatishda qulayliklar yaratadi.

2019 yilning 16-17 avgust kunlari respublikamizning barcha hududlaridan maktab-internatning 7,9,10-sinflariga jami 128 nafar iqtidorli o‘quvchilar tanlov (test sinovi va suhbat) asosida qabul qilindi. Aynan ushbu yilda kirish uchun imkoniyat ko‘proq bo‘lib, keyingi yillardan esa faqat 7-sinfga qabul amalga oshiriladi. Maktab-internatda umumiy o‘rta ta’lim olish bepul, ta’lim-tarbiya jarayoni o‘zbek va rus tillarida shuningdek, bosqichma-bosqich ingliz tilida amalga oshiriladi. Har bir sinfda o‘quvchilar soni 20 nafarni tashkil etadi.