Bola tarbiyasi

Oila va bolalar tarbiyasi, ularni to’g’ri tarbiyalash shartlari

Bolalarning murg’ak qalbiga hech bir narsa ibratdek kuchli ta’sir etmaydi va barcha

ibratlar ichida ota-ona ibratidan kuchliroq va mustahkamroq o’rin oladigan ibrat yo’q.

N.I.Novikov

Rivoyat qiladilarki, bir ona donishmand oldiga kelibdi va bolasining tarbiyasiga qachon kirishish kerakligi haqida surabdi. Donishmand bolaning necha yoshga kirganini so’rabdi. Besh yoshga to’lganini bilib onaga xitob qilibdi:

— Tezda uyga qayt!

Bola tarbiyasida eng kerak bo’lgan besh yilni sen boy berib qo’yibsan! Shunday, bola dastlabki yillarda tez va ko’p qabul qiladi va tarbiyaning asosiy qismini qabul qiladi. Tarbiya keyin ham davom etaveradi. “Lekin siz mevani keyin ko’ra boshlaysiz, — deydi bir donishmand — bu o’zingiz bir vaqtlar, bolangiz besh yoshigacha bergan tarbiyangiz gulining mevasidir” bu davrda bolaning olamni bilishi odamni bilishi orqali kechadi. Yaxshilik va yomonlik degan katta tushunchalar ota va onasining bir-biriga munosabati, ovozi, qarashi, harakati orqali borligiga singib boraveradi.

Donishmandlar kishi keyin umr bo’yi o’zi yashaydigan yaxshilik va yomonliklarning qariyb 90% ni aynan bolalikning ilk davrida olishini, besh yoshli bala bilan keksalik o’rtasi bir qadam ekanligini tan olishadi.

Bugungi bolakayning ertaga qanday inson bo’lishi ko’p jihatdan bolalik deb atalgan bu davrning qanday o’tgani, uning ongi va qalbiga atrof-muhitdan nimalarni olib kirganiga bog’liqdir. Bolaga munosabatda avvalo uning yosh darajasini inobatga olish kerak, uni yoshiga ko’ra taxminan quyidagicha taqsimlash mumkin:

Tarbiyaning yoshga bog’liq jihatlari:

1. Uch yoshgacha

2. Uchdan yetti yoshgacha

3. Yettidan o’n yoshgacha

4. O’ndan – o’n to’rt yoshgacha

5. O’n to’rtdan-o’n sakkiz yoshgacha

Bolaning bir yoshidayoq rivojlanishi jadallashadi: tana vazni uch hissa oshadi, bo’yi 25 sm o’sadi, tishlari chiqadi, ovqat chaynashni o’rganadi, emishdan to’xtaydi, bola oyog’ida turishni, kattalar qo’lini ushlab yoki o’zi mustaqil yurishni biladi. 3 yoshgacha bu ko’rsatkich oshib boradi, qo’llar harakati takomillashadi, mustaqil kiyinadi, echinadi, yuvinadi, qo’li bilan nozik harakatlarni qiladi, u endi qalam bilan rasm soladi, tugmasini qadaydi, gapirishga o’rganadi, shuning uchun ota-onalar juda sezgir va ehtiyotkor bo’lishlari kerak. Tana a’zolarining to’g’ri rivojlanishi aniq-ravon so’zlashga o’rganishi, ota-onalarni sabr-toqatli, aqlirasolik bilan ish tutishlariga bog’liqdir.

Bolaning 3-7 yosh oralig’i alohida ahamiyatga ega. Bu davrda bolada zamon tushunchasi haqida to’g’ri tushunchalarni shakllantirish uchun unga yolg’on gapirmaslik, savollariga to’g’ri, jiddiy javob berish kerak. Bundan tashqari bolalarda gigienik ko’nikmalarni go’dakligidanoq shakllantirish kerak 2-2, 5 yoshidan yuz-qo’l yuvishni eslatib turish, nazorat qilish va ko’maklashish zarur. Tozallikka rioya qilish faqat bolaning sog’lig’ini saqlash uchungina emas balki uni kelajakda ham pokiza bo’lishining omilidir. Bolani 2 yoshidan tishlarini tozalashga o’rgatish kerak. Buning uchun kichkintoyga bolalar tish cho’tkasi, pastasi berish lozim.

To’g’ri uyushtirilgan kun tartibi katta ahamiyatga ega. Bolani aniq belgilangan vaqtda ovqatlantirish kerak, pala-partish ovqatlantirish bolalar salomatligiga yomon ta’sir qiladi. Yosh bolalarning nerv sistemasi juda ta’sirchan bo’ladi. Bolalar darrov cbarchab qoladilar va dam olishga ehtiyoj sezadilar. Dam olishning eng muhim turi uxlash bola har doim bir vaqtda uxlashi lozim. Tungi va kunduzgi, uyqu muddati bolaning yoshiga bog’liq nimjon bolalar ko’proq uxlashi lozim, uyqudan oldin ochiq havoda sayr qilish foydali, kechki ovqat yotishdan 1-1,5 soat oldin berilishi kerak.

Bola sog’lig’ini saqlash, mustahkamlash va uni har tomonlama rivojlantirishda chiniqtirish muhim rol o’ynaydi. 2-3 yashar bolalarning toza havo bilan chiniqishi muhimdir. Bundan tashqari quyosh vannalari suv bilan chiniqtirish ham juda foydali. Yosh bolalarni maktabgacha yoshdagi bolalar muassasalarida tarbiya qilish, ularni oilada tarbiyalashga qaraganda bir qator o’ziga xos xususiyatlarga ega. Bola uchun yasli-bog’cha tanlashda “moda orqasidan quvmaslik, sportni yoki diet tilini o’rgatadigan bog’chani qidirmaslik kerak. Uyingizga yaqin bo’lgan yasli-bog’cha eng qulay va hammasidan yaxshi bo’ladi. Uy sharoitida ba’zi bir ko’nikmalarni o’zlashtirgan bola bog’chaga borganda qiynalmaydi. Qoshiqdan mustaqil foydalanishni bilgan, o’zlari kiyinadigan va echinadigan bolalar bog’chada o’zlarini dadil his qiladilar va tez ko’nikadilar. Bundan tashqari bola hayotini o’yin va o’yinchoqlarsiz, ertaklar va musiqasiz — fantaziyasiz va ijodiyotsiz tasavvur etib bo’lmaydi. O’yin va o’yinchoqlar olamida yayrab yashagan bolaning hayotini ma’naviy to’laqon deyish mumkin. Bolaga o’yinchoq tanlayotganda uning yoshi, qiziqishi va sharoiti ko’zda tutiladi.

Yoshi katta bo’lishi bilan o’g’il bolalar texnikaga oid ayniqsa transport va shu kabi o’yinchoqlarga qiziqishi ortadi, bu o’yinchoqlar bolalarda turli kasb va mutaxassisliklarga qiziqish tug’diradi, ota-ona bu qiziqishni vaqtida payqab, rag’batlantirishi kerak. Qo’g’irchoqlar qizlarning sevimli o’yinchoqlaridir, 1-2 yoshli qizchalar ko’zi ochilib yumiladigan, “Ingalaydigan qo’g’irchoqlarni yaxshi ko’radilar. 1-4 yoshli qiz bolalarga plastmassadan qilingan kiyimsiz qo’g’irchoqlar ma’qul, qizlar ularni o’zlari cho’miltiradilar, kiyintiradilar, yo’rgaklaydilar. Sport o’yinchoqlari (koptok, arg’imchoq, kabilar) bolalarni jismoniy baquvvat qilishga xizmat qiladi.

Musiqa o’yinlari bolalarni badiiy qobiliyatlarini o’stiradi. Umuman olganda bolalar o’yinchoqlari shartli ravishda 3 ta guruhga ajiratiladi:

1. Syujetli o’yinchoqlar

2. Quruvchilik o’yinchoqlari

3. Turli materiallar agar bolani yoshlikdan o’yinchoqlarini toza tutish, ehtiyot qilishga o’rgatib borilsa ular uy anjomlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’lishni o’rganadilar.

Oilada bolaga tarbiya berishning qator o’ziga xos prinsiplari borki, ularga amal qilish tarbiya ishining samarali bo’lishini ta’minlaydi. Ular quyidagicha: tarbiyada ota-onaning ma’suliyati, tarbiyadagi birlik, ota-ona obro’si, mehnat tarbiyasi, ota-onaning bola tarbiyasini bog’cha, maktab va jamoatchilik bilan hamkorlikda olib borishi, ota-onaning barcha bolalarni teng ko’rishi, ularga adolatli munosabatda bo’lishi, tarbiyada bolaning o’sish va rivojlanish xususiyatlarini hisobga olish, bola shaxsini hurmat qilish, unga talabchan bo’lish kabilardir. Buning uchun ba’zi tarbiya usullarini bilib qo’yish foydadan xoli emas.

Bola tarbiyasi prinsiplari.

Masalan: ibrat – namuna usuli, yaxshi xulq-atvorga o’rgatish, odatlantirish, o’rni kelganda nasihat qilish, tarbiya berish, unga munosabatni o’zgartirish, ishontirish, rag’batlantirish, qoralash kabi usullar.

Tarbiyada maqsadning aniqligi muhim o’rin tutadi maqsadimiz — barkamol avlodni tarbiyalash uni Vatanga muhabbat ruhida xalqning eng yaxshi urf-odatlari va oilaviy an’analari ruhida, jamiyat uchun bilimdon va madaniyatli shaxs qilib tarbiyalashdir. “Agar siz fuqaroni tug’ib qo’yib, uni o’z mehringizdan benasib qilsangiz, marhamat qilib jamiyatni bu razil niyatingizdan ogoh etib qo’ying – deydi A.C.Makapenko “ota-ona mehridan benasib bolalar ko’pincha mayib kishilar bo’lib yetishadilar”.

Hamma bolaga bir ko’zda qarash.

Oilada bolalarni to’g’ri tarbiyalashning shartlaridan biri tarbiyadagi birlikdir. Hamma narsada bolaga muomalada, jazolashda, ta’sir o’tkazishda, birlik bo’lishi zarur. Ko’pincha bolaning onasi yoki buvisi ruxsat bergan narsani dadasi ta’qiqlab qo’yadi. Bolalar talabchan otasi bilan kam talabchan onasi va umuman talabchan bo’lmagan buvisi o’rtasida o’zlaricha yo’l topadilar. Kattalar o’rtasidagi kelishmovchilikni ko’rib bolalar mug’ombirlik, aldamchilik, xushomadgo’ylikka o’rganadi. Ayrim ota-onalar bolaga haddan tashqari mehribonlik qilib, girgitton bo’ladilar, uning hamma vazifalarini o’zlari bajarishadi, barcha injiqlik va o’jarliklarini ko’tarishadi, natijada bola noshud, bemehr bo’lib o’sadi. Ota-onaning hamma bolalariga bir xil bo’lishi, tarbiyaning muhim shartlaridan bo’lib, opa ukalarning ahil, bir-biriga mehribon, oqibatli bo’lishiga olib keladi, bola nazarida ota-onaning obro’si oshadi, odamlar bilan hisoblashishga, ularning ko’nglinii ranjitmaslikka, odamlarni qadrlashga o’rgatadi. Bir ota, bir onaning farzandlari fe’1-atvori jihatdan bir-biriga o’xshamaydi, ota-ona bolalarning sho’xini ham, qobilini ham bir xil mehr bilan sevishi, kattasini katta, kichigini kichik o’rnida bilib har birini o’ziga qarab muomala qilishi lozim. Birini ikkinchisidan ortiq ko’rish yaramaydi. Tarbiya avvalo oilada, bog’chada, so’ng maktabda, jamoatchilik tomonidan muntazam ravishda olib boriladi, tarbiyalashning muhim xususiyatlaridan biri, uni uzluksiz olib borishdir. Ba’zan onalar ikkinchi farzandni ko’rishgach kattasi g’ashlik qilayotganini aytib qolishadi, buning oldini olish uchun to’ng’ichga endi aka, opa bo’lganini aytish, ukasini boqishda yordamlashishi kerakligini tushuntirish lozim. Tarbiyada har bir bolaga alohida muomala, munosabat, e’tibor kerak. “U bolaku, bolaga bo’laveradi”, “yumalab, sumalab katta bo’lsa rizqini topib yer”, “hammasiga keyin o’zi o’rganib ketadi”, kabi fikrlarni qo’yib, bolani tug’ilganidan voyaga yetkuncha tarbiyalab borish kerak. Bolaning tabiiy ehtiyoji bo’lgan narsalarni taqiqlash yaramaydi, bolani tez o’sayotgan organizmni harakat qilib turishni talab qiladi. Bola o’jarlik bilan gapga quloq solmaydi, yig’laydi va asabiylashadi. Keyinchalik esa vazmin, uyatchan bolaga qo’pol muomila qilinsa u juda qo’rqoq bo’lib qoladi, hayotda mustaqil yashashga qiynaladi.

So’nggi yillarda o’zbek oilasida yuz bergan o’zgarishlar.

Respublikamizda yangi asrning birinchi yili — “Onalar va bolalar” yilida amalga oshirilgan ishlarning ijobiy ta’siri yurtimizda yashayotgan barcha insonlar taqdirida, har bir oila, har bir xonadon hayotida o’z aksini topdi. Bu esa mamlakatimizda Sog’lom avlod — Sog’lom oila — Sog’lom jamiyat g’oyasining izchillik bilan amalga oshirayotganligidan dalolat beradi.

“Ona va bola” Davlat dasturiga ko’ra tug’ish yoshidagi ayollarning deyarli 99% to’liq tibbiy ko’rikdan o’tkaziladi va zarur hollarda davolashga yo’naltirilishi tashkil qilindi.

Uzoq tarixiy va mustahkam poydevorga ega bo’lgan o’zbek oilasi, uning o’ziga xos milliy xususiyatlarini butunlay yo’q qilish, insoniyat xotirasidan o’chirib tashlash uchun o’zgalar hech qanday kuch topa olmadi. Tarixan qisqa 14 yil ichida o’zbek oilasi hayotida mislsiz o’zgarishlar yuz berdi:

Birinchidan— mustaqillik sharofati bilan oila va uning manfaatlarini muhofaza qilish davlat siyosati darajasiga ko’tarildi. Oila tarbiyasi kommunistik g’oyalardan tozalanib, milliy tarbiya mezonlari asosida amalga oshirila boshlandi.

Ikkinchidan— qonun ustivorligini ta’minlash oila, onalik va bolalikning huquqiy manfaatlarini, oilaviy munosabatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida muhim ishlar amalga oshirildi.

Uchinchidan– oilaning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini ta’minlash, nogironlar, yetim-yesirlar, yolg’iz keksalarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash.

To’rtinchidan — Yurtboshimiz aytganidek, “Ayolsiz oila, oilasiz davlat, jamiyat bo’lmasligi o’z isbotini topdi”.

Beshinchidan— Birinchi Prezidentimiz tashabbuslari bilan 1998 yil “Oila yili”, 1999 yil “Ayollar yili”, 2000 yil “Sog’lom avlod yili”, 2001 yil “Onalar va bolalar yili”, 2002 yil “Qariyalami qadrlash yili” deb e’tirof etilishi va shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan maxsus davlat dasturlarining qabul qilinishi.

Oltinchidan — Muhtaram Birinchi Prezidentimizning 1995 yil 2 martdagi farmonlariga binoan, Respublika xotin-qizlar qo’mitasi raisligiga Bosh vazir o’rinbosari, tuman, shahar, viloyat xotin-qizlar qo’mitalari, raislariga hokim o’rinbosarlari maqomlari berildi.

Yettinchidan— oila, xotin-qizlar, bolalar manfaatlarini himoya qiluvchi 10 dan ortiq jamoat tashkilotlari tashkil etildi. Darhaqiqat, XXI asr o’zbek oilasi mustahkamligi, barqarorligi, farovonligi bilan yer kurrasidagi barcha oilalar uchun namuna maktabi bo’lmog’i lozim.

Charos Tursunova,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi